O‘zbekiston FVV rahbari muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Forumda, shuningdek, Orol muammosi va iqlim isishi masalasi ko‘tarilgan.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, tabiiy ofatlarga qarshi samarali kurash olib borish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
4-6 noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bugun shu forum doirasida respublikalar FVV rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvni ochib bergan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Tursinxon Xudayberganov so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida keng qamrovli aloqalar o‘rnatilganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ravishda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Vazir o‘z nutqi davomida mintaqa uchun yirik ekologik muammo hisoblangan Orol masalasiga to‘xtaldi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan Orolbo‘yida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi. Xususan, bu hududlardagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida dengizning qurigan joylarida o‘rmonzorlar barpo etilmoqda. Birgina 2021 yilda 460 gektar yangi o‘rmonzorlar shakllantirildi. Bu asta-sekin o‘z samarasini bermoqda. Tursinxon Xudayberganov Orol muammosini hal qilish kompleks chora-tadbirlarni talab qilishini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, global iqlim o‘zgarishi jarayoni ham Markaziy Osiyo davlatlari favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, iqlimning keskin o‘zgarishi ortidan transchegaraviy suv omborlarida suv balansi buzilgan.
Bularning barchasi mamlakatlar o‘rtasida tabiiy ofatlarga qarshi birga kurashishni taqozo qilmoqda. Tursinxon Xudayberganov bir necha muhim tashabbusni ilgari surdi:
- Birinchidan, 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo davlatlarining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini qabul qilish;
- Ikkinchidan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
- Uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida tabiiy ofatlar oqibatlarini kamaytirish, oldindan ogohlantirish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida uchuvchisiz aviatsiya qurilmalaridan foydalanish konsepsiyasini qabul qilish.
Bundan avval FVV xodimlari Qamchiq dovonida ikki haydovchi hayotini saqlab qolgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







