Iroq bosh vaziri qarorgohiga uchuvchisiz qurilma yordamida hujum uyushtirildi
Oqibatda o‘n kishi jarohatlangan.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiyning qarorgohiga uchuvchisiz qurilma yordamida hujum uyushtirildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Kozimiy o‘z Twitter sahifasida unga hech qanday zarar yetmaganini maʼlum qilgan. “Men yaxshiman va xalq orasidaman. Iroq uchun barchani xotirjamlikka chaqiraman”, – degan u. Mahalliy OAV maʼlumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida bosh vazirning o‘n nafar tansoqchisi jarohatlangan.
AQSH davlat departamenti bu hodisani “ochiq ko‘rinib turgan terakt” sifatida baholadi. Shuningdek, Iroqqa surishtiruv olib borishda yordam taklif qilingan.
Bundan avval ISHID Iroq armiyasiga hujum uyushtirgani hamda ISHID bosh moliyachisi qo‘lga olingani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







