Bayden pandemiya bo‘yicha yangi global sammit chaqirmoqchi
Bundan avval shu kabi sammit sentabrda o‘tkazilgan edi.

Jozef Bayden koronavirus masalasi bo‘yicha yangi sammit chaqirmoqchi. Bu haqda uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan maʼlum qildi.
Sammitni 2022 yil boshida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Sallivan AQSH shu kungacha butun dunyoga 225 million doza vaksina taqdim etganini alohida taʼkidladi.
“Koronavirus bilan bog‘liq maqsadlarni amalga oshirish uchun davlat kotibi Entoni Blinken noyabrda maxsus tadbir o‘tkazadi. Bayden esa keyingi yil boshida butun dunyoni to‘plamoqchi”, – degan Oq uy amaldori.
Bu AQSH prezidentining pandemiya bo‘yicha birinchi sammit o‘tkazishi emas. Sentabr oyida, BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasida Bayden koronavirus bo‘yicha xalqaro uchrashuv tashkil etgandi.
Bundan avval Bayden AQSH vaksinalar evaziga dunyo davlatlaridan hech narsa talab qilmasligini aytgandi. Shuningdek, Xitoy diplomati AQSHning koronavirus kelib chiqishi bo‘yicha hisobotini “g‘ayriilmiy” deb baholagani xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







