Og‘ir tan jarohati olgan yurtdoshimiz O‘zbekistonga qaytarildi
Fuqaroni Tashqi mehrat migratsiyasi xodimlari Toshkent xalqaro aeroportida tez tibbiy yordam brigadasini jalb qilgan holda kutib oldi.

Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasiga Andijon viloyatidan I.M. O‘zbekistonga qaytishda amaliy yordam so‘rab murojaat qiladi.
Ushbu murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilganda, M.I. joriy yilning may oyida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasining Ryazan shahriga ketganligi, ammo sentabr oyida velosiped haydayotganda chuqurlikka yiqilishi oqibatida umurtqa pog‘onasidan og‘ir tan jarohati olganligi va jarrohlik amaliyotini boshidan kechirganligi aniqlandi.
Bugungi kunda fuqaro mustaqil harakatlana olmasligi va mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi sababli davolanish jarayonini davom ettirish maqsadida Vatanga qaytish uchun yordam so‘ragan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashabbusi bilan fuqaro 8-noyabr kuni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Moskva – Toshkent aviareysi orqali Vatanga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik fuqaro vatanga qaytarilgani hamda Shveysariyada vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar berilgandi.







