Obama Rossiya va Xitoyni tanqid qildi
Bu iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq.

AQSH sobiq prezidenti Barak Obama Rossiya va Xitoyni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni paysalga solishda aybladi. Bu haqda AP xabar berdi.
Siyosatchining fikricha, bu ikki davlat rahbarlari atmosferaga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirishga sayyora ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan shoshilinch va qatʼiy qarorlar qabul qilishni istamayapti. Shuningdek, u Putin va Si Szinpinni Glazgodagi iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan global sammitda ishtirok etmagani uchun tanqid qildi.
“Dunyoga eng ko‘p zararli modda chiqaradigan ikki davlat rahbarlarining Glazgodagi yig‘ilishlarda ishtirok etmagani taajjubga soldi. Ularning milliy dasturlarida esa zudlik bilan amalga oshiriladigan ishlar o‘rin olmagan”, – degan Obama.
Avvalroq Jozef Bayden Donald Trampning Parij kelishuvlaridan chiqqani uchun butun dunyodan uzr so‘ragandi.
Jahongir Qo‘ziyev







