O‘zbek-Turkman chegara oldi savdo zonasi to‘g‘risidagi bitim tasdiqlanadi
Prezidentning “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi eʼlon qilindi.

Qaror loyihasi Turkmaniston prezidentining joriy yil 4-5 oktabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida imzolangan hukumatlararo bitimlarni kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat protseduralarning amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Mazkur loyiha bilan Toshkent shahrida 2021-yil 5-oktabr kuni imzolangan O‘zbekiston hukumati bilan Turkmaniston hukumati o‘rtasida tovar aylanmasini ko‘paytirish va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirish to‘g‘risidagi bitim hamda O‘zbekiston hukumati bilan Turkmaniston hukumati o‘rtasida O‘zbek-Turkman chegaraoldi savdo zonasi – savdo markazi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.
Taʼkidlanishicha, qaror loyihasi qabul qilinishi orqali Toshkent shahrida 2021-yil 5-oktabr kuni imzolangan yuqoridagi hukumatlararo bitimlarni kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat protseduralari amalga oshiriladi hamda bitimlarni qo‘llash uchun zamin yaratiladi.
Ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida barter asosida tovarlar savdosini yo‘lga qo‘yish, O‘zbek-Turkman chegara oldi savdo zonasini tashkil etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi xalqaro avtomobil qatnovlari tiklangani, O‘zbekiston—Tojikiston chegaralari xaritalarda aniq belgilangani hamda O‘zbekiston-Filippin munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilingani haqida xabar berilgandi.







