Andijonda qo‘shma korxona mutaxassisi ushlandi
U 3 gektar pillachilikka ixtisoslashgan yer maydonini sholi yetishtirish uchun ajratib berishni vaʼda qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Izboskan tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “A.” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxona mutaxassisi J.A., fuqaro Sh.ning ishonchiga kirib, unga korxona tasarrufidagi yer maydonini ajratib berishiga ishontiradi.
Buning evaziga J.A 1 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10 ming AQSH dollar evaziga uy-joy qurish uchun yer olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Buxoroda hokimlik zaxirasidagi yerni 8 000 AQSH dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olingani hamda DXX tomonidan noqonuniy yer sotish holatlarining oldi olingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







