Kollej va texnikumlarga kirish test imtihonlari boshlandi
Ushbu taʼlim maskanlariga test sinovlari 12-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Yurtimizda umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari uchun oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda kollej va texnikumlar ham faoliyat olib bormoqda.
Hozirgi kunda professional taʼlim tizimida 339 ta kasb-hunar maktabi, 17 ta vazirlik va idoralar tizimidagi 162 ta kollejlar hamda 62 ta oliy taʼlim muassasalari huzuridagi 213 ta texnikumlarda kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Tizimda mehnat bozorida zarur bo‘layotgan 400 tadan ortiq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Kollej va texnikumlarga o‘qishga kirishda saralash test sinovlari talablarga zid holatlar yuz bersa yoki test jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha shart-sharoitlardan norozilik yuzaga kelgan vaqtda abituriyentlar tomonidan murojaat etishlari uchun @testprof2021bot nomli maxsus bot ishga tushirilgan
Shuningdek, imtihon jarayonlaridan norozilar vazirlik «Call markazi»ning telefon raqami orqali ham murojaat qilishlari mumkin.
Maʼlumot uchun: Davlat test markazi tomonidan tashkil etilayotgan test jarayonlari 2 smenada bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari kasb va mutaxassislikka mos 2 ta fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan (ona tili, matematika va tarix)dan o‘tkaziladi.
Avvalroq, OTMlar huzurida 24 ta texnikum tashkil etilishi hamda Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga qabul boshlangani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







