O‘zbekistonda laboratoriya asbob-uskunalari va reagentlar saqlanadigan omborxona quriladi
Mazkur loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov “LMS Consult GmbH & Co.KG” kompaniyasi bosh direktori Shteffen Beurmayster bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida, kompaniya investitsiyalari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi hududida ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari va kimyoviy reagentlarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus omborxona hamda reagent va reaktivlar sotuvini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Ushbu shartnomaning birinchi bosqichi — 1000 m2 bo‘lgan omborxona maydoni ijaraga olinadi. Shuningdek, uni 100 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda omborxona maydonini 2000 m2 gacha kengaytirish buning uchun kompaniya qo‘shimcha 200 ming AQSH dollari yo‘naltirishi maʼlum qilindi.
“LMS Consult GmbH” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalarning asosiy qismi ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, unga 494,3 ming AQSH dollarlik laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berilgan.
Shu bilan birga, 2021-yil yakuniga qadar 322,6 ming AQSH dollarlik shartnomalar imzolanadi va jamg‘arma tomonidan akkreditiv orqali moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston-BAA Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi hamda Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Qirg‘izistonga safari davomida ikki tomon o‘rtasida o‘ndan ortiq shartnomalar imzolanishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







