Toshkent viloyatida fuqaroni IIB xodimlari kiyimsiz ko‘chaga haydagani rostmi? (video)
Mazkur holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi.

Maʼlum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanida yashovchi erkak IIB xodimlari uni urib, kiyimsiz ko‘chaga chiqarib qo‘ygani aytilgan videomurojaat tarqaldi.
Toshkent viloyati IIB matbuot kotibining xabar berishicha, joriy yilning 11 noyabr kuni kechki soat 20:00 larda Zangiota tumani “Ramadon” MFYda yashovchi ayol U.X. murojaat qilgan.
Murojaatda u 47 yoshli ishsiz o‘g‘li U.M.ning muntazam ravishda spirtli ichimlik isteʼmol qilishini, ayni vaqtda uyda janjal qilib, onasi va yaqinlariga tazyiq o‘tkazayotganligini aytib, yordam so‘ragan.
IIB xodimlari voqea joyiga borib, U.M.ni qo‘lga olishgan, unga nisbatan MJtKning 183 (mayda bezorilik), 187 (jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish) hamda 194 (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalari bilan materiallar rasmiylashtirish vaqtida, U.M. IIBning maʼmuriy binosidan qochib ketgan va go‘yoki unga nisbatan kuch ishlatilganligi haqida yolg‘on maʼlumotlarni tarqatgan.
Shuningdek, U.M. IIB binosiga olib kelingan vaqtida tez tibbiy yordam bo‘limi ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Bo‘lim maʼlumotlariga ko‘ra, U.M.da mastlik holati va avvaldan chap yuzida shilingan jarohati borligi ko‘rsatilgan.
Hozirda holat yuzasidan fuqaro U.M. IIOga olib kelingan hamda unga nisbatan, yuqoridagi moddalarga qo‘shimcha ravishda MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan materiallar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bank xodimlari nega kaltaklangani hamda Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqarolar qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, profilaktika inspektorining egnidagi xizmat kiyimini yirtgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi .
Cho‘lponoy Ahmedova







