O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida ishtirok etdi
Parijda 10-noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov qatnashdi.

Dastlab O‘zbekiston vakili Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan YUNESKOning Bosh direktori Odri Azuleni ikkinchi muddatga qayta saylangani bilan tabrikladi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan YUNESKO mandatiga oid yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha maʼlumot berildi. Xususan, madaniyat, taʼlim, fan va axborot texnologiyalari sohalarini moliyalashtirish, Jahon merosi obyektlarining uch o‘lchamli nusxalarini yaratish uchun zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Prezident boshchiligida taʼlim yo‘nalishida “Yangi O‘zbekiston” va ilm fan sohasida “Uchinchi renessans” kabi yirik dasturlarning amalga oshirilishiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tashkilot va unga aʼzo mamlakatlar bilan Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligini nishonlash, maktabgacha taʼlim sohasida global forum tashkillashtirish kabi bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish istagi bildirildi.
Tadbir doirasida 2023-yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida Samarqand shahri nomzodini ilgari surish bo‘yicha qator davlatlar delegatlari bilan muzokaralar olib borildi. Natijada 10 dan ortiq mamlakat Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
YUNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasi 24-noyabrga qadar davom etadi.







