Neft, garov, talonchilik. ISHIDning daromad manbalari maʼlum qilindi
Terrorchilar bosh moliyachisi bu haqda maʼlumot bergan.

ISHID eng faol harakat qilgan davrda terrorchi guruh daromadi 1.2 milliard dollarni tashkil etgan. Bu haqda Al Arabiya telekanali maʼlum qilgan.
Iroq maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va ISHIDning moliyaviy masalalariga javobgar bo‘lgan Sami Jasim bu haqda tergov paytida maʼlumot bergan.
Aniqlanishicha, ISHIDning asosiy daromad manbayi o‘g‘irlik va talonchilik, odamlarni garovga olish va unga tovon puli talab qilish, shuningdek, neft kontrabandasi tashkil etgan. Neft mahsulotlari asosan, kichik neftni qayta ishlash zavodi egalariga sotilgan va uning savdosi asosan Suriya hududida amalga oshirilgan.
Shuningdek, Jasimning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar uzoq vaqt davomida Iroqning Naynavo viloyatidagi boy xonadonlar va savdogarlardan oyiga 500 ming AQSH dollari olib turgan.
Avvalroq Iroqda ISHIDning yirik rahbarlaridan biri yo‘q qilingani haqida xabar qilingandi.
Jahongir Qo‘ziyev







