Kelayotgan haftada O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilmoqda?
Gidrometeorologiya xizmati markazi hafta davomida qanday ob-havo kuzatilishini maʼlum qildi.


“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 23-24 noyabr kunlari anomal iliq ob-havo saqlanib turadi, biroq Kaspiy dengizi janubiy hududlaridan nam havo kirib kelishi kutilmoqda. 23-noyabrda respublikaning janubi-g‘arbiy, 24 noyabrda janubiy tumanlarida baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Harorat foni 13-18 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
25-26 noyabr kunlarida O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlaridan yana antitsiklon kirib kelishi kutilmoqda. 25-noyabrda respublikaning shimoliy hududlariga, 26-noyabrda respublikaning qolgan hududlarida baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi.
Bugun kunduz kuni O‘zbekistonda quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatida kun birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 13-18 daraja iliqqacha ko‘tariladi, bu meʼyordan 3-5 darajaga yuqori.
Havo harorati kechalari bulutlilik bilan 9-11 daraja iliqqacha ko‘tariladi, 26-noyabrga borib esa kunduz kunlari meʼyoriy qiymatlargacha pasayadi va 8-13 daraja iliqni tashkil etadi.







