Kursk viloyatida qilich o‘ynatib, otda do‘konga kirgan fuqaro javobgarlikka tortildi
Qoidabuzar otiga non berish uchun do‘konga kirganini aytgan.

Kursk viloyati politsiyasi qilich bilan otda do‘konga kirgan erkakni qo‘lga oldi, deb xabar qildi "Ria Novosti".
Voqea Kurchatovsk viloyatida yuz bergan. Mahalliy politsiya bo‘limiga Karl Libknext qishlog‘idagi do‘kon rahbari qo‘ng‘iroq qilib, savdo do‘koniga qilich o‘ynatib, ot mingan mast erkak kirib kelganini xabar qilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini tajovuzkor tutgan. Tinimsiz havoda qilichini o‘ynatib atrofdagilarga xavf tug‘dirgan. Voqea joyiga politsiya yetib kelganida, chavandoz hali ham do‘kon ichida bo‘lgan. U darhol qo‘lga olingan. Erkakning mast ekani tasdiqlangan. Ammo u tekshiruvdan bosh tortgan. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
Surishtiruv jarayonida qo‘lga olingan 1978-yilda tug‘ilgan K.S. oti och qolganini, qornini to‘ydirish uchun oti bilan do‘konga kirib borganini sabab qilib ko‘rsatgan. Unga nisbatan Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmaganlik yuzasidan (Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 19.3- moddasi) maʼmuriy bayonnoma tuzilgan va ishi sudga oshirilgan.
Qilich jangovar qurol yoki yo‘qligini aniqlash uchun ekspertizaga yuborilgan. Ot esa bezorining uyiga qaytarilgan.
Avvalroq Rossiyada ayol jangovar itga talatilgani hamda Misrda kobra to‘rt yo‘lovchi va haydovchini chaqib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







