BMT: Dunyo aholisining 37 foizi internetdan foydalanmaydi
Bularning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlarda.

Dunyo miqyosida aholining 37 foizi – 2,9 milliard kishi internetdan umuman foydalanmaydi. Bu haqda BMT Xalqaro elektraloqa ittifoqiga tayanib, AFP xabar berdi.
2,9 milliard aholining 96 foizi esa rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Shu bilan birga, Internetdan foydalanuvchilarning soni 2019 yildagi qariyb 4,1 milliarddan 2021 yilda 4,9 milliardga yetdi.
Internet foydalanuvchilari sonining o‘sishiga pandemiya davrida ko‘rilgan choralar - blokirovkalar va maktablarning yopilishi, shuningdek, yangiliklar, davlat xizmatlari, sog‘liqni saqlash yangiliklari, elektron tijorat va onlayn-bankingdan foydalanish zarurati sabab bo‘ldi.
Birgina pandemiyaning birinchi yilida butun dunyo bo‘ylab internetdan foydalanuvchilar soni 10 foizdan ko‘proqqa o‘sdi, bu so‘nggi o‘n yilliklardagi eng katta yillik o‘sishdir.
Avvalroq shved nashri "Internet apokalipsisi" tahdidi haqida yozgan edi. Quyosh bo‘ronlari internet aloqalarini beqarorlashtirishi va bir necha oy davomida xizmat ko‘rsatishda uzilishlarga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, WhatsApp va Instagramda hamda Facebookning ishlamay qolishi jahon iqtisodiyotiga 161 milliard dollar zarar yetkazgan edi.
Nasiba To‘xtayeva







