BAA milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Eronga tashrif buyuradi
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bag‘iriy Tehron va Abu-Dabi munosabatlarida yangi sahifa ochishga ahd qilganini bildirgan.

Qayd etilishicha, BAA prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Tahnun bin Zoid 6 dekabr kuni Eronga tashrif buyuradi.
Bu haqda “ISNA” agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, siyosatchi Tehronga Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy taklifiga binoan keladi.
Maʼlumot uchun: 2016 yilda Saudiya Arabistonida shia ruhoniysi Nimr an-Nimra qatl etilganidan g‘azablangan eronlik namoyishchilar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi hududiga bostirib kirganidan keyin BAA Erondagi diplomatik vakolatxonalar darajasini pasaytirgandi.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi uzoq muddatli ziddiyatlarga 2019 yilda Saudiya Arabistoni neft zavodlariga qilingan hujum ham sabab bo‘lgan. Bu voqea Saudiyaning neft ishlab chiqarish hajmini deyarli ikki martaga qisqartirgan. Ar-Riyod tomoni hujumda Eronni aybdor qilgan. Rasmiy Tehron esa bu ayblovni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muammoni hal qilish uchun sammit o‘tkazilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







