Bojxona postida yuk konteyneriga yashirilgan elektromobil to‘xtatib qolindi
Avtomobilning tannarxi 200 million dollar deb baholangan.

Bu haqda Davlat Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar “Chuqursoy texnik idorasi” temir yo‘l chegara bojxona postida xorijdan keltirilgan konteyner ichidan hujjatlarda ko‘rsatilmagan elektromobil yashirilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, bojxona postida xodimlar tomonidan xorijdan keltirilgan yuk konteyneri belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilgan.
Natijada yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlari yozilmagan, 2019 yilda ishlab chiqarilgan 5 o‘rinli elektromobil transport vositasi borligi maʼlum bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda hujjatlarda ko‘rsatilmagan avtomobil shinasi bojxona postida ushlab qolingani hamda Toshkent xalqaro aeroportida noyob sudralib yuruvchi jonzotlarni olib chiqishga uringan shaxs to‘xtatib qolingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







