“Rollton” brendidan noqonuniy foydalangan shaxs ushlandi
Bu shaxs yarim tayyor mahsulotning ziravorini ham qo‘lbola usulda tayyorlab sotgan.

Intellektual mulk agentligi tomonidan “Mareven Food Holdings Limited” kompaniyasi ishonchli vakilining murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.X tomonidan ushbu kompaniyaga tegishli bo‘lgan jamlama ko‘rinishdagi “Rollton” tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik holati aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi hamda Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudiga taqdim etildi.
Maʼlum bo‘lishicha, huquqbuzar M.X o‘zganing tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga nisbatan qonunga xilof ravishda muntazam foydalanib kelgan.
Mazkur fuqaroga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 177- moddasining 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, M.X ga nisbatan sud tomonidan maʼmuriy jarima jazosi belgilandi.
Hozirda huquqbuzar M.X tomonidan qalbakilashtirilgan “Rollton” mahsulotining inson salomatligiga zararli tomonlarini o‘rganish maqsadida tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlar reyestri tuzilishi hamda "Andijon muzqaymog‘i" o‘z brendini “Anjan muzqaymog‘i” sifatida o‘zgartirgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







