O‘zbekistonda yer va suv solig‘i oshmoqda
Bu bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonning Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, taklif etilayotgan loyihada yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun esa soliq va aksiz solig‘i stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik yerlarini sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmi qismi va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish), shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2021 yil darajasida (1 kub metr uchun 40 so‘m) o‘z o‘rnida qolmoqda.
Shuningdek, foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirmalarga kiritiladigan amortizatsiya ajratmalari normalarini o‘rtacha 2 baravarga oshirish, bir martalik investitsiyaviy chegirma miqdorlarini, binolar bo‘yicha – 10 foiz, yangi texnologik asbob-uskuna bo‘yicha – 20 foiz belgilangan holda 2 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, ko‘chmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kvadrat metr uchun minimal qiymat joriy etish bilan birga yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalarini pasaytirish, polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasini 20 dan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham joriy etish belgilanmoqda.
Mazkur loyihada soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar hisobini tashkil etish, xususan, soliq imtiyozlari hisobi bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq to‘lovchining ushbu maʼlumotlaridagi o‘zgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash masalasi ham o‘z ifodasini topgan.
Yuqoridagi ko‘rsatma va takliflar inobatga olinib, qonun loyihasi qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlar reyestri tuzilishi hamda Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxs javobgarlikka tortilishi qonun bilan belgilangani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







