AQSH Eronga kuchli bosim o‘tkazmoqda
Hozirda Bayden maʼmuriyati Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga harakat qilmoqda.

AQSH Davlat departamenti 2015-yilgi yadroviy kelishuvni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi, maʼlum muddatga muvafaqqiyatga ham erishdi.
Qayd etilishicha, AQSHning delegatsiyasi kelgusi hafta Birlashgan Arab Amirliklariga borib, Tehron bilan biznes yuritayotgan va sanksiyalarga rioya qilmayotgan banklarni ogohlantirishi kutilmoqda.
“Wall Street Journal” nashrining yozishicha, delegatsiya Tehron bilan milliardlab dollarlik biznes olib borayotgan neft-kimyo kompaniyalari va boshqa xususiy firmalar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu delegatsiya tarkibida AQSH moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Andrea Gakki ham bor. Xabarga ko‘ra, agar muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilmasa, AQSH Eronga iqtisodiy bosimni kuchaytirish uchun boshqa bir qancha davlatlarga delegatsiyalar yuborishni rejalashtirgan.
Maʼlumot o‘rnida: AQSH Moliya vazirligi o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga Eron, Suriya va Ugandadan bo‘lgan 15 nafar shaxsni, jumladan, harbiylarni ham tinch aholiga qarshi repressiv harakatlarga aloqador deb kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning yangi raundi boshlanishi hamda BAA milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Eronga tashrif buyurishi haqida xabar bеrilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







