Madaniyat vaziri xodimlari bilan madhiya kuyladi
Bugun — O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Bundan 29 yil avval 10-dekabr kuni Serquyosh va jonajon vatanimizning ulug‘vor madhiyasi ilk bora yangragan. O‘shadan buyon qalb qo‘shig‘imizga aylangan madhiyamiz doimiy hamrohimiz. Butun O‘zbekiston har tongni zangori ekran, radio to‘lqinlari orqali tarannum etiladigan ana shu betakror va yagona bo‘lgan tarona bilan qarshi oladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, Madhiyamiz xalqaro maydonlarda ham O‘zbekiston nomini anglatib yangraydigan erkin va ozod ovozimizdir!
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov muallifligi, O‘zbekiston xalq artisti, bastakor Mutal Burhonov musiqasi bilan yaratilgan Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.







