E’tiqod erkinligini toptayotgan mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi
Unda Markaziy Osiyo davlatlari ham bor.

Xalqaro e’tiqod erkinligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, AQSH Davlat kotibiga har yili e’tiqod erkinligini toptayotgan hukumatlar va nodavlat strukturalar ro‘yxatini e’lon qilish majburiyati yuklangan. Editorials nashri 2021-yilgi ro‘yxatni ma’lum qildi.
Joriy yilda e’tiqod erkinligining qo‘pol tarzda buzilishiga aloqador tizimli va muntazam xatti-harakatlardagi ishtiroki yoki shunday harakatlarga zamin yaratib bergani uchun qator davlatlar alohida xavotirga molik mamlakatlar sifatida e’lon qildi. Ular Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya, Saudiya, Tojikiston va Turkmaniston hukumatlaridir.
AQSH bosh diplomati Entoni Blinken, shuningdek, Jazoir, Komor orollari, Kuba va Nikaraguani e’tiqod erkinligini toptashdagi ishtiroki yoki bunga chora ko‘rmagani uchun maxsus nazorat ro‘yxatiga kiritgan.
Avvalroq Abdulaziz Komilov din erkinliklari masalasiga bag‘ishlangan xalqaro sammitda ishtirok etgani va O‘zbekistonda jamoat joylarida ibodat libosida yurishga doir taqiq qonundan chiqarib tashlangani xabar qilingandi.
Javohirbek Tursunov








