O‘zbek so‘mida o‘zgarish: 50 minglik va 100 minglik kupyuralar yangilanmoqda
Yangi ko‘rinishdagi pullar 22-dekabrdan muomalaga chiqariladi.

2021-yilning 22-dekabridan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 50 000 so‘m va 100 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklidagi pul belgilari muomalaga chiqariladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lum qildi.
Mazkur banknotlar mavzusi “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakatimiz hududidagi Surxondaryo va Xorazm viloyatlarining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.
50 000 so‘mlik banknotning o‘lchami 147 x 69 mm. bo‘lib, o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “50000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknot old tomoni chap qismida Surxondaryo viloyatida joylashgan XI-XII asrlarga tegishli “ABU ISO TERMIZIY MAQBARASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.
Banknot orqa tomonida esa miloddan avvalgi III-I asrlarga oid bo‘lgan Surxondaryo viloyati hududidagi qadimiy yodgorlik – “FAYOZTEPA ARXYEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
100 000 so‘mlik banknotning o‘lchami 152 x 69 mm. bo‘lib,o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “100000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknot old tomoni chap qismida Xorazm viloyatining Xiva shahrida joylashgan “ICHAN QAL'A” tarixiy muzeyi tasvirlangan.
Banknot orqa tomonida esa III-IV asrlarga oid bo‘lgan qadimiy Xorazm davlatining poytaxti vazifasini bajargan qal’a - “ANGKAQAL'A ARXYEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.
Markaziy bankning qayd etishicha, muomalaga chiqarilayotgan yangi ko‘rinishdagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2017-yil namunasidagi 50 000 so‘mlik va 2019-yil namunasidagi 100 000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi, ya’ni 2017-yil va 2019-yil namunasidagi 50 000 so‘mlik va 100 000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.
Avvalroq 26-avgustdan boshlab yangi ko‘rinishdagi 5000 so‘m va 10 000 so‘mlik banknotlar chiqarilishi ma'lum qilingandi.
Javohirbek Tursunov








