Adliya vazirligi noqonuniy pul undirayotgan yong‘in xavfsizligi “xodimlari”dan ogohlantirdi
Soxta xodimlar aholidan yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq kommunal to‘lov mavjudligini aytib, pul talab qilishgan.

Yong‘in xavfsizligi xodimi sifatida noqonuniy pul undirayotgan firibgarlar ko‘paymoqda. Adliya vazirligi firibgarlardan ogohlikka chaqirdi.
Aniqlashicha, so‘nggi yillarda tumanlarda maxsus-formali kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda o‘xshash kiyimdagi shaxslar o‘zlarini "davlat yong‘in nazorati organi xodimi" sifatida tanishtirib, fuqarolardan yillik 20–40 ming so‘m atrofida majburiy tarzda soliq yoki kommunal to‘lov sifatida noqonuniy yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq biron bir to‘lab borilishi shart bo‘lgan kommunal to‘lov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.
Adliya vazirligi mazkur holat bo‘yicha ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarini "davlat yong‘in nazorati organlari xodimi" sifatida tanishtirgan holda yolg‘on maʼlumotlar asosida fuqarolardan majburiy to‘lov to‘lanishini talab etishi noqonuniyligini maʼlum qildi.
Shuningdek, vazirlik fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni belgilangan tartibda to‘lab borishi kerakligini eslatdi:
— Sovuq suv taʼminoti;
— Isitish va issiq suv taʼminoti (ko‘p qavatli uylarda);
— Elektr taʼminoti;
— Gaz taʼminoti;
— Kanalizatsiya (isteʼmolchi ulangan bo‘lsa).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda soxta o‘t o‘chiruvchi va mo‘ri tozalovchilar qo‘lga olingani hamda antikorrupsiya agentligi soxta xodim bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqqani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







