"Uzbekistan GTL" — MDHda eng yirik sarmoyaviy loyihalardan biri
Euronews telekanali O‘zbekistonda ГТЛ zavodining ochilishi haqida reportaj namoyish qildi

Euronews telekanali mamlakatdagi birinchi gazni chuqur qayta ishlash zavodining ochilishi haqidagi reportajni namoyish etdi. Videorolik taqdimoti O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nazar" dasturi ijrosi doirasida tashkil qilindi.
Reportajda GTL zavodining nafaqat O‘zbekiston, balki MDH mamlakatlari energetika sanoati uchun ahamiyati haqida so‘z boradi.
"Respublika janubidagi ulkan majmua nafaqat O‘zbekistonda, balki butun MDHda eng yirik sarmoyaviy loyihalardan biri deb nomlanadi. Unda butun dunyodan kompaniya va korporatsiyalar ishtirok etdi. Asosiy mahsulot sintetik va ekologik toza yoqilg‘i hisoblanadi. Zavod yiliga 1,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarishi kerak”, — deya taʼkidlanadi xabarda.
“Bugungi kunda u dunyodagi eng murakkab, eng zamonaviy bunday turdagi zavod hisoblanadi”, – deydi "Uzbekistan GTL" texnik direktori Marsel Krauze.
“Mazkur loyiha nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga ekologik foyda keltiradi, – deydi "Uzbekistan GTL" ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Qodirbay Qaypnazarov. – Biz ekotexnologiyadan foydalanamiz, buning yordamida samolyotlar, avtomobillar, qishloq xo‘jaligi uchun juda yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqaramiz."
Qayd etish joizki, mazkur syujet "Euronews" telekanalidagi “Yangi O‘zbekiston. Yangi nazar" mediadasturi doirasidagi reportaj va ko‘rsatuvlar turkumining uzviy davomi bo‘ldi.
"Learning world", "FOCUS", "SULT", “AGENDA” dasturlari hamda rang-barang videoroliklar tufayli dunyo bo‘ylab har kuni 16 million kishi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligini nishonlash, mamlakatimiz Prezidenti saylovi, Sh.Mirziyoyevning Konstitutsiya kuni munosabati bilan so‘zlagan maʼruzasida bildirilgan tashabbuslar, “Markaziy va Janubiy Osiyo” xalqaro konferensiyasining tafsilotlari haqida mufassal maʼlumotga ega bo‘ldi, O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi, “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali va baxshichilik xalq amaliy sanʼati anjumanini kuzata oldi.
O‘zbekiston yili esa, "Euronews" telekanalida “O‘zbekiston islohotlarning ikkinchi bosqichida” batafsil tahliliy ko‘rsatuvi bilan yakunlandi. Bu hozir Markaziy Osiyoning qoq markazida kechayotgan jarayonlarga tashqi nazar, Yevropaning qarashidir.
Yevropa va jahonda mamlakatimizga qaratilayotgan katta eʼtiborni inobatga olgan holda Euronews telekanali o‘zining internet saytida O‘zbekiston haqidagi barcha OAV materiallarini (fotogalereya, maqolalar, reportajlar, videoroliklar), shuningdek, xalqaro kitobxonlar eʼtiborini jalb qilish uchun tematik bannerlarni jamlagan alohida “Yangi O‘zbekiston” sahifasini ochdi.







