Yangi yilda koronavirus yana avj oldi
“Zamon.uz” muxbiri Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi epidemiologi Shoakbar Anvarov bilan suhbatlashdi.

Bayramdan avval Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘ngilochar tadbirlar, turli bayramona yig‘inlar — salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida ommani ogohlantirdi. Shuningdek, bayramni oila davrasida o‘tkazishni tavsiya qildi. Biroq bu ogohlantirishlar ko‘pchilikning eʼtiboridan chetda qoldi. Oqibatda esa koronavirus bilan kasallanish holatlari ortdi.
Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi epidemiologi Shoakbar Anvarovning qayd etishicha, yil yakuniga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichi pasaygan. Lekin shu yilning 1 yanvaridan esa virus yuqtirganlar soni oshgan.
— Bayram kuni, yaʼni 30-31 dekabr kunlari shifoxonamizga bemorlar deyarli kam murojaat qildi. Ammo yanvar oyidan ko‘rsatkich keskin oshdi. Ayni damda kuniga 40 nafardan 60 nafargacha bemor shifoxonamizga murojaat qilyapti.
— Bunga sabab nima?
— Yangi yil bayramida mehmondorchiliklarning ko‘paygani, oilaviy yig‘ilishlar, “korporativ”lar va sayohatlarga borish kabilar kasallikni avj olishiga sabab bo‘lgan. Karantin qoidalariga amal qilinmagan, niqob taqilmagan. Shifoxonamizga bemorlarning kelishi ko‘paygan.
Hozirda shifoxonamizda davolanayotgan bemorlar soni 600 dan ortiq. Jonlantirish bo‘limida esa 85 nafar bemor davolanmoqda. Qizig‘i, ularning hech biri koronavirusga qarshi emlanmagan. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 yil davomida 34 mingdan ziyod bemor ushbu kasallik bilan shifoxonamizda davolanib chiqqan. Qayta kasallanish holatlari ham aniqlangan.
— Bemorlar orasida “Omicron” shtammini yuqtirganlar ham aniqlandimi?
— Bemorlar orasida virusning bu shtammiga chalinganlar aniqlanmadi. O‘zi, umuman, “Omicron” shtammi yurtimizda qayd etilgani yo‘q.
Respublikamizda olib borilayotgan ommaviy emlash tadbirlari o‘z samarasini beryapti. Albatta, vaksinatsiyadan o‘tgan fuqarolarimiz kasallikni yengil darajada o‘tkazishi yoki ushbu kasallikni yuqtirmaslik darajasi yuqori. 2021 yil aprel oyida emlash jarayonlariga start berilgan bo‘la, BUSTER dozada emlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Biroq oramizda hamon emlash jarayonlaridan mutlaqo o‘tmagan fuqarolar ham mavjud.Kasallikni to‘liq yengish uchun ogohlikni yo‘qotmaslik kerak. Karantin qoidalariga amal qilaylik. Zero, bu ishda har birimiz masʼulmiz.
Munojat Valiyeva







