Jizzaxda yigit o‘ldirilib, so‘ng mashinasida yoqib yuborilgan
Giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘zaro kelisha olmay, tanishini o‘ldirib yoqib yuborgan.

2021-yil 28-dekabr kuni G‘allaorol tumanidagi Nayman qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri hududdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidagi zovur ichida yonib ketgan “Spark” mashinasini ko‘rib qolgan.
Fuqaro bu haqda Ichki ishlar organlariga xabar bergan. Shundan so‘ng, voqea joyiga viloyat prokuraturasi va viloyat IIB xodimlaridan iborat tezkor guruh zudlik bilan yetib borgan. Mashina ko‘zdan kechirilganda uning ichidan kuyib ketgan jasad topilgan. IIO xodimlari tomonidan hududga tutash yo‘llardagi kuzatuv kameralar orqali tasvirlar o‘rganilgan.
“Spark” kuzovidagi raqamlar orqali avtoulov egasining shaxsiga oydinlik kiritilgan. Marhum Samarqand shahar “Zarafshon” mahallasida yashovchi shaxs ekani maʼlum bo‘ladi.
IIB xodimlari mashina egasining uyiga borib, uning yaqinlaridan ko‘rsatma olganda, ular yigitning bir kun avval uydan chiqib ketib, qaytib kelmagani maʼlum bo‘lgan. Marhum bilan so‘ngi martda aloqada bo‘lgan shaxslarni surishtirish jarayonida jinoyatga oydinlik kiritildi. Aniqlanishicha, marhum giyohvand bo‘lgan va muqaddam jinoyatga qo‘l urgani uchun sudlangan.
Uni Jomboy tumani “Beshsaid” MFYda yashovchi uch nafar shaxs giyohvand moddalar bilan taʼminlab turgan. Yigitning qarzi 2000 AQSH dollariga yetgach, beshsaidliklar qarz uzulmaguncha giyohvand modda bermasliklarini aytishgan. Yigit ularni aybini IIB aytib berishi aytgach, ular yigitdan shu yo‘l bilan qutilishadi.
27 dekabr kuni kechasi yigit “Spark”da yigitlardan giyohvand modda sotib olish uchun boradi. Ularga 5 million beradi. Taʼminotchilarning “yo‘q” degan javobiga yigit yana IIB xabar qilishini aytib, do‘q-po‘pisa qiladi. Shunga uch erkakdan biri bolg‘a bilan unga jarohat yetkazadi. Yana biri tesha bilan uradi. Yigit ketma-ket berilgan zarbalardan qochishga urinadi. Kutilmaganda suvli zovurga yiqilib jon beradi. Jinoyatchilar jasadni Nayman qishlog‘idagi dala bo‘yida joylashgan zovur bo‘yiga olib borishadi va mashinaning old o‘rindig‘iga o‘tqazib, uni zovurga qulatishadi. 10 litr benzin sepib, jasadni mashinaga qo‘shib, yoqib yuborishgan.
Munojat Valiyeva







