O'zbekiston

Mahallani onlayn birlashtirsa ham bo‘ladi. Bunga faqat hafsala bo‘lsa bas!

Payariq tumanidagi hokim yordamchisi o'z ishini Telegram’da mahalla kanalini ochishdan boshladi.

Mahallani onlayn birlashtirsa ham bo‘ladi. Bunga faqat hafsala bo‘lsa bas!

 

Joriy yilning 1-yanvaridan mahallalarga yangi tizim – “hokim yordamchilari” kirib keldi. Prezident Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida aytilganidek, shu yil boshidan mamlakatimizdagi 9 ming 259 ta mahallada hokim yordamchilari ish boshladi. Bu lavozim egalarining vazifalari nimalaardan iborat? Ular qanday tashabbuslarni ilgari suradi? Tuman hokimlariga tom ma’noda yordamchi bo‘la oladimi? Bu kabi savollarga Samarqand viloyati Payariq tumanidagi eng ko‘p aholi istiqomat qiladigan mahallada ushbu vazifada o‘z faoliyatini boshlagan va qisqa fursat ichida xalq “tiliga tushgan” hokim yordamchisi Rasulxon SAYDILLAEV bilan bo‘lgan suhbat davomida javob olishga harakat qildik. 

 

—  Rasulxon aka, avvalambor, ushbu lavozimga tayinlanganingiz va faoliyatingizni namunali boshlab olganingiz bilan tabriklayman. Bugungi kunda nechta qishloq aholisining taqdiri sizga ishonib topshirilgan?  


—  Rahmat kattakon! Meni zimmamga “Do‘stlik” MFY tarkibidagi beshta qishloq  fuqarolari bilan har tomonlama ishlash vazifasi yuklatilgan. Ushbu MFYga “Darvozagaza”, “Garay”, “Ingichka”, “Alamli” va “Bagara” qishloqlari kiradi.  Jami aholi soni 5 ming 173 nafarni tashkil etadi. Raqamlar odamni biroz cho‘chitishi mumkin. Lekin rostini aytsam, shu kungacha maksimal darajada har bir xonadonga o‘zim kirib-chiqib, fuqarolar bilan muloqot qilib, shuni bildimki, bunaqa samimiy insonlar bilan ishlash Xudo xohlasa hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.

 

—  Ishni nimadan boshladingiz?

 

—  Ishni eng avvalo, mahalla aholisi bilan shaxsan tanishib, aholining sharoiti eng og‘ir qatlami hisoblangan kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga o‘z imkoniyatim doirasida yordam berishdan boshladim. Faoliyatimni boshlaganimga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, qo‘limdan kelgancha sharoiti og‘ir xonadonlarga bir qopdan un, oziq-ovqat mahsulotlari, kam ta’minlangan oila farzandlariga issiq kiyim-kechaklar va bayram kunlarida sovg‘alar berdim. Bu ishlarni kelgusida ham davom ettirishni maqsad qilganman.

 

—  Bugungi kunda sizga biriktirilgan aholining necha foizini ishsizlar tashkil qiladi?

 

—  Hozirda faoliyat olib borayotgan mahallamda to‘liq xatlov qilib ulgurmadik. 15 yanvargacha aholini to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazib olgach, aniq ma’lumot berolaman.

 

 

Mahalla — jahon bozoriga chiqmoqchi


—  Bilamizki, ko‘pgina qishloq aholisi orasida kunlik ishlarga chiqib, bir kunlik daromadga ishonib yashaydiganlar ham bor. Sir bo‘lmasa, bu toifadagi kishilarni doimiy bandligini ta’minlash uchun kelgusida qanday rejalarni amalga oshirmoqchisiz? 

 

—  Nafaqat reja qilib qo‘yganmiz, balki hokim yordamchisi sifatida ish boshlagan kunimdan buyon aholining doimiy ish bilan band bo‘lmagan qismini, asosan, fermer xo‘jaliklariga doimiy ishchi sifatida olib, Davlat xizmatlari agentligi orqali ro‘yxatdan o‘tkazib kelyapmiz. Buni yaxshi bir tomoni bor, ya’ni bu insonlarga kelajakda nafaqalar ham tayinlanadi. Xudo xohlasa, yaqin kelajakda o‘z hududimda ishsizlikni 90-95% ga qisqartiraman, degan maqsadim bor! Men biriktirilgan hudud aholisining asosiy ish turi bu — uzumchilik va chorvachilik hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, kelgusidagi yana bir rejam — yetakchi, lider tadbirkorlar orqali jahon bozoriga mayiz eksportini yo‘lga qo‘yish va xorijiy investorlarni mahallaga jalb etish.

 

—  Hokim yordamchilari xalqqa qanchalik kerak?

 

—  Ular xalqqa juda kerak ekan. Faoliyatimni boshlaganimning birinchi kunidayoq buni sezganman. Chunki har doim ham amaldorlarimiz ishlaridan ortib, aholi xonadonlariga tashrif buyurishga vaqt topolmaydi. Biz esa, to‘g‘ridan to‘g‘ri, aholining o‘zi bilan yuzma-yuz tanishish, holidan xabar olish va ularning yashash tarzini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida uylariga kirib boryapmiz, suhbatlashyapmiz. O‘ylaymanki, hokim yordamchilari orqali xalqning muammolari o‘z o‘rnida yechimini topib, turli ovoragarchilik va yugur-yugurlarning oldi olinyapti.

 

Odamlar orasida yursangiz, turfa taqdirlarga guvoh bo‘lasiz

 

—  Xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan tanishib chiqayotganingizda, tabiiyki, turli taqdir egalariga duch kelasiz. Ular orasida eng esda qolgani yoki sizni titratgan taqdir egalari ham bo‘ldimi?

 

—  Albatta, bunaqa voqealarga ko‘p duch kelaman. Yaqinda Garay qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir onaxonning uylariga bordim. Yolg‘iz o‘zi yashar ekan. Turmush o‘rtog‘i ancha yillar oldin olamdan o‘tib ketgan. Eng dahshatlisi, onaxonning 4 nafar o‘g‘li bo‘lib, hammasi uyli-joyli, oilali ekan. To‘ng‘ich farzandi oliy ma’lumotli shifokor. Aynan shu o‘g‘lini ko‘rmaganiga 10 yil bo‘libdi. Yemay-ichmay shu bolamni o‘qitgandim, deb onaxon o‘kindi. Boshqa farzandlari ham onaxondan deyarli xabar olishmas ekan. “Yozda virusga chalindim, salqinroq joy deb “podval”imda yashadim. Madorim yetsa, issiq ovqat qilib yeyman, bo‘lmasa 3-4 kunlab issiq ovqat yemayman”, — deydi mushtipar ona. Yangi yil bayrami arafasida bir qop un va kundalik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdim. Lekin haligacha o‘sha onaxonning nolasi yuragimni titratadi...

Mahallada shifokor jonlandi, maslahatchidan tortib raisgacha “uyg‘ondi”.

 


Hokim yordamchisi bilan suhbatimiz yakuniga yetgach, o‘sha hududda yashovchi aholining fikri, turmush tarzidagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida shu yerlik fuqaro Muzaffar Xudoyqulovni suhbatga chorladik:

 

—  Rasulxon aka kelgandan so‘ng butun qishloq “oyoqqa turdi.” Bugun ijtimoiy tarmoqlar juda rivojlangan, deb ilk ishini Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Do‘stlik” kanalini ochishdan boshladi. Hozir shu kanal orqali mahallaning kunlik yangiliklari, hokim yordamchisining qaysi soatda qayerda, kimlar bilan uchrashgani haqidagi xabarlarni kuzatib boramiz. 

 

Bir kuni uyda o‘tirsak, uyimizga mahalla raisining maslahatchisi Lola To‘xtanova kirib keldi. Biz hayron. Nima gap ekan desak, xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini tinglayotgan ekan. Yana bir kuni uyimizga qishloq oilaviy poliklinikasi shifokori keldi. Aholi salomatligini o‘rganayotgan ekan. Bizning mahalla tumanning eng chekka hududi — deyarli Ishtixon tumaniga tutash bo‘lgan hududda joylashgan. Ancha-muncha rivojlanishdan orqada qolib kelayotgan edik. Rostini aytsam, biz shu kungacha, hatto, mahallada ishlayotgan faollarimizni ham yaxshi tanimagan ekanmiz. Shu hokim yordamchisi kelgandan buyon mahalla ancha “jonlanib qolgan” (kuladi). Yaqinda u kishi bilan gaplashganimda endigi rejasi yo‘llarimizni sozlash ekanini aytdi. Tumandagi eng katta mahalla bo‘lsak-da, bitta masjid qurilmaganini ham inobatga olishidan umidvormiz. 


Payariq tuman markazidan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan mahalladan qaytar ekanmiz, respublikamizning chekka hududida “hayot qaynashiga” sabab bo‘lgan hokim yordamchisining olib borayotgan faoliyatida qishloq odamlarining hayotga bo‘lgan qarashi, orzulari o‘zgarayotganini sezdik. Ular endi hayotlari anchayin yaxshilanishiga umid bog‘lagandek. Yo‘llari ta’mirtalab bo‘lib qolgan hududga xorijiy investorlar tashrif buyurguniga qadar asfalt yotqizilishiga ham umid bog‘lab, yaxshi niyat qilgancha ortga qaytdik!

 


Mohinur RUSTAMOVA suhbatlashdi.

 

custom img

Toshkent va Andijonda sintetik narkotik modda hamda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tarqalishining oldi olindi

Qariyb 5 kg sintetik narkotik va 10 ming donaga yaqin kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasi to‘xtatib qolindi.

custom img

Toshkent viloyatida narkotik moddalarni sotishga uringan shaxslar hibsga olindi

Operatsiyalar natijasida 1 kg “gashish” va 1883 dona kuchli ta’sir qiluvchi preparat musodara qilindi.

custom img

Qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Bahrayn va AQShdan qaytarildi

Ulardan biri firibgarlikda, ikkinchisi oʻta yirik miqdordagi oʻgʻirlikda gumonlanib xalqaro qidiruvga berilgan

custom img

Sirdaryoda kadastr xodimi 1500 dollar pora bilan qo'lga tushdi

U fuqaroning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va muddatidan oldin tayyorlab berish evaziga pul talab qilgan.

custom img

Farg‘onada hujra tashkil qilib, bolalarga diniy ta'lim berayotgan shaxs ushlandi

Hujrada 6–14 yoshdagi 17 nafar bola noqonuniy tarzda ta’lim olayotgani aniqlangan.

custom img

2026-yilda kimyo sanoatida 9,5 mlrd dollarlik 133 ta loyiha amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Turkiyada o‘ldirilgan samarqandlik ayolning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi

Jinoyatda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan.

custom img

Platforma yaratish uchun o‘tkazilgan tenderda qatnashgan kompaniyalar bir shaxsga tegishli bo‘lib chiqdi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish platformasini yaratish jarayonida shubhali davlat xaridi o‘rganildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"