AQSH Yevropadagi qo‘shinlari sonini qisqartirmaydi — Pentagon
Avvalroq NATO bosh kotibi Rossiya bilan muzokaralarda ko‘rib chiqiladigan masalalarni ma’lum qilgandi.

AQSH Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralar oldidan Yevropada qo‘shinlar sonini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqmaydi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi ma’lum qildi.
“Aniq ayta olamanki, Yevropadagi qo‘shinlar sonini kamaytirish yoki bu masala yuzasidan pozisiyamizni o‘zgartirishni ko‘rib chiqmayapmiz. Shuningdek, Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi qo‘shinlar soni qisqartirilishi ham ko‘tarilmayapti”, – degan Kirbi o‘z Twitter sahifasida.
Ma’lumot o‘rnida: 10-yanvar kuni Jeneva shahrida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha AQSH-Rossiya muzokaralari, 12-yanvar kuni Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishi, 13-yanvar kuni esa Rossiya qv YXHT vakillari muzokaralari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unda Yevropada xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq NATO bosh kotibi Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralarda qaysi masalalar ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgandi.
Jahongir Qo'ziyev








