Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkablashmoqda
SSV O’zbekistonda kasallikka chalinish holati yana ortib borayotganini ma’lum qildi.
Kecha yurtimizda qariyb 370 nafar kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Eng ko‘p kasallanish holati poytaxtda (+195 ta), Toshkent (+56 ta) va Samarqand (+42 ta) viloyatlarida kuzatilgan.
Shuningdek, 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 1494 nafarni tashkil qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashayotganini va "omikron" shtammi qator mamlakatlarda keskin karantin choralarini qo‘llashga sababchi bo‘layotganini ma’lum qilib, aholini qarantin qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.
“Afsuski, so‘nggi kunlarda yurtimizda ham kasallanishlar soni yana orta boshladi. To‘g‘ri, hali mamlakatimizda "omikron" shtammi aniqlangani yo‘q, biroq bu xotirjamlikka berilish uchun asos bo‘la olmaydi. Shu sababli barcha yurtdoshlarimizdan dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, kasallikka qarshi to‘liq emlanishlarini so‘rab qolamiz” , – deyiladi vazirlik xabarida.
Javohirbek TURSUNOV








