O’zbekistonga “Omicron”ning qaysi davlatdan kirib kelgani ma’lum bo’ldi
Shuningdek, mazkur shtammga qarshi eng samarali vaksina nomi e’lon qilindi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulovaning so’zlariga ko’ra, “ZF-UZ-VAC 2001” vaksinasining kuchaytirilgan dozasi “omicron”dan deyarli 100 foiz himoya qiladi.
Vazirlik matbuоt xizmatining xabar qilishicha, 7-yanvar kuni Ilg‘or texnologiyalar markazi (ITM) laboratoriyasida “omicron” shtammi qayd etilgan. Ushbu shtamm O‘zbekiston hududiga Dubaydan kelgan xorij fuqarosida aniqlangan.
Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mazkur holat, shuningdek, “omicron” tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilingan. Unda voqeani sharhlagan Innovatsion rivojlanish vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova “omicron”ning dunyo bo‘ylab tez tarqalishi inobatga olinsa, uning O‘zbekistonda paydo bo‘lishi vaqt masalasi bo‘lganini bildirgan.
“Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari sifatida ZF-UZ-VAC 2001 sinovlarida va virusli mutatsiyalarni o‘rganishda faol ishtirok etarkanman, mamlakatimizdagi eng ommabop O‘zbekiston—Xitoy vaksinasi ustida olib borilgan tadqiqotlar yangi shtamm bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatayotganini aytishim mumkin. Vaksinaning kuchaytirilgan — buster dozasi "omicron"dan deyarli 100 foiz himoya qiladi. Xitoylik hamkasblarimiz ham buni tasdiqladi”, — degan u.
Maxsus komissiya yig‘ilishida aholini, shu jumladan ZF-UZ-VAC2001 ning kuchaytirilgan dozalari bilan emlashni zudlik bilan tezlashtirish masalasi ham muhokama qilingan.








