“Virus bilan kasallangan bolalar davolanishi uchun joy yetishmovchiligi bo‘lmaydi” — Elmira Basitxanova
Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha 17 251 ta bolalar o‘rni bor. Ulardan 7 668 tasi bo‘sh.

Xabaringiz bor, 7 yanvar kuni O‘zbekistonga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan COVID-19‘ning yangi “Omicron” shtammi aniqlandi. Tabiiyki, bu aholi orasida turli vahimaga sabab bo‘ldi. Yurtimizdagi vaziyat, aholini o‘ylantirayotgan turli savollarga javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova bilan suhbatlashdik.
— Ayni paytda O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat qanday?
— So‘ngi kunlarda dunyo bo‘ylab ushbu mutatsiyaning tarqalish geografiyasi shiddat bilan kengayib bormoqda. Aytish lozimki, o‘tgan davr ichida mamlakatimizda virusning tarqalish tendensiyasini pasaytirish, emlash tadbirlarini tashkil etish, bemorlarni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarimiz katta tajriba to‘pladi.
Biz ikki yil davomida kasallikni mutatsiyaga uchrashi, kasallik organizmda qanday kechishi, davolash usullari bo‘yicha izlandik, izlanyapmiz.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasiga ko‘ra, millat sog‘lom bo‘lishi uchun 3 ta omil kerak. Birinchi omil ana shu mamlakatning davlat rahbarining siyosiy irodasi, yaʼni bu vaziyatda qanday yo‘l tutib borilishi. Eʼtiborlisi bu borada bizda aniq ko‘rsatmalar berilgan. Ikkinchi omil bu albatta tibbiyot tizimining xatti-harakatlari. Uchinchi omil esa jamiyatning ishtirokidir. Jamiyatda vaksinatsiyaning o‘zi 100 foiz barcha kasalliklardan ehtiyot qiladi degan tushuncha — noto‘g‘ri. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish niqob taqish kerak. O‘zaro muloqotlar qanchalik kam bo‘lsa shunchalik kasallikni cho‘qqiga chiqadigan davrda kasallanish kamayishi mumkin. Bu tibbiyot tarixida ham bor. Mavsumiy gripp va “Omicron”ni paydo bo‘lishi ana shunday muloqotlarni maksimal kamaytirish kerak.
— Bugungi kunda kasallik bilan kasallangan homilador ayollar va bolalarda uchun shifoxonalarda joylar yetarlimi? Koykalar zaxiraga olinganmi?
— O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyor, deyishga asoslarimiz yetarli. 1-sonli Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasida homilador va bolalar uchun alohida bo‘limlardan joylar tayyorlangan. Bundan tashqari, Toshkent shahri va viloyat markazlarida bolalar uchun alohida bolalar shifoxonalari hamda homilador ayollar uchun tug‘ruq komplekslarida ham joylar yetarli. Barcha shifokorlar maxsus o‘qitilgan. Davolash tizimi va tartibi joriy qilingan. O‘rinlar zaxirasi mavjud. Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha 17 251 ta bolalar o‘rni bor. Ulardan 7 668 tasi bo‘sh. Bolalar o‘rnining yetishmovchiligiga yo‘l qo‘yilmaydi.
— Kelgusida, aynan, “Omicron” shtammi sabab yurtimizda cheklovlar kuzatilishi mumkinmi?
— Hozircha yo‘q. Cheklovlarning oldini olishning yagona yo‘li — vaksina olishdir.
— O‘zbek-xitoy vaksinasi 100 foiz “Omicron”ga chidamlimi?
— Noyabr oyidan butun dunyo mutaxassislari bugungi kunda qo‘llayotgan vaksinalarni, aynan, ushbu shtammga taʼsir darajasi bo‘yicha statistikalarni berishyapti. Xususan, o‘zbek-xitoy vaksinasi “Omicron”ga chidamli ekanini aniqladik.
Biz, albatta, COVID-19 bilan kurashishda xalqaro tajriba, hamkorlik va xalqaro ilmiy izlanishlarni to‘liq amalga oshiryapmiz. Dunyoda “Omicron”ning tarqalishi bo‘yicha berilgan statistikasida Xitoy eng kam ko‘rsatkichni egallamoqda. Xitoyni bu boradagi yutuqlarini o‘z-o‘zidan raqamlar ko‘rsatib beryapti. Demak, vaksina tibbiy til bilan aytilganda, haqqoniy natijalar berayotganini ko‘rish mumkin. Shuning uchun qo‘shma vaksinaning haqiqatdan “Omicron”ga to‘liq taʼsir qilishi isbotlandi.
Munojat Valiyeva







