Yanvar oyining dastlabki o‘n kunida “Tez yordam”ga 350 mingga yaqin odami murojaat qilgan
9-10 yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga yetdi.

Oxirgi 4-5 kun ichida mamlakatimizda kasallanish holatlari keskin ortgani, kunlik ko‘rsatkichlar 600 tadan oshgani barchani jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, bu holat "Tez yordam"ga bo‘lgan talab va kunlik chaqiriqlarning ko'payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Buni “103” xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yilning 1-10 yanvar kunlari Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349 ming 436 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha 32 ming 400 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etilgan.
Taqqoslash uchun, 2021-yil dekabr oyi dastlabki o‘n kunligida "Tez yordam"ga murojaatlar 320 ming 980 tani tashkil qilgan edi.
Shuningdek, yangi yilning ilk kunlari “103” xizmatiga bir kunda o‘rtacha 34 ming 600 ta chaqiriq qabul qilingan bo‘lsa, yanvarning 9-10 kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga yetgan.
Munojat Valiyeva







