Iqtidorli xorijliklar Dubay rezidentiga aylanishi mumkin
Shahar hukumati Talent Pass rezident vizalarini ishga tushirmoqda.

Dubay hukumati iqtidorli xorijiy frilanserlar uchun yangi uch yillik Talent Pass rezident vizalarini ishga tushirmoqda. Bu haqda Khaleejtimes.com yozadi.
Tashabbus iqtisodiyotning media, taʼlim, texnologiya, sanʼat, marketing va konsalting kabi sohalarini rivojlantirish uchun maxsus ko‘nikmalarga ega ijodiy ishchi kuchini amirlikka jalb etishga qaratilgan.
"Yangi Talent Pass o‘z egasiga BAA hududida uch yillik yashash uchun ruxsatnoma va ofis maydonini ijaraga olish va 1800 dan ortiq kompaniyalar faoliyat yuritayotgan erkin zonaning rivojlangan ekotizimiga kirish huquqini beradi. 2021 yil bahorida ishga tushirilgan erkin zona hududida ijodkorlar yashashi, ishlashi, o‘z asarlarini namoyish etishi, mahsulot sotishi va mahorat saboqlari o‘tkazishi mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Strategiyaga ko‘ra, yaqin 5 yil ichida Dubaydagi ijodiy kompaniyalar soni 8 mingdan 15 mingtaga, amirlikda yashovchi ijodiy mutaxassislar soni esa 70 mingdan 150 ming kishigacha oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubayda dunyodagi eng baland attraksion ochilgan edi.
Nasiba To'xtayeva







