"Bolam men kabi savodsiz bo‘lmasin"
9 yildan beri chiqindixonada yashaydigan ayol dardi.

Toshkent viloyati Quyi chirchiq tumani “Abay” mahallasida yashovchi Navbaxor Rustamova ayni damda o‘zining necha yoshdaligini bilmaydi. Yoshligida oilaviy sharoiti qiyin bo‘lgani sabab maktabda o‘qimagan. O‘qish, yozish va sanashni mutlaqo bilmaydi. Ayni damda ayol bir nafar o‘g‘li bilan “Abay” mahallasidagi chiqindixonada yashaydi. Ko‘cha-ko‘yda o‘g‘li bilan "baklashka" terib, sotib oila tebratadi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, umid bilan katta qilayotgan farzandi Islombek maktab formasi, oyoq kiyimi va o‘quv qurollari bo‘lmagani sabab maktabga bormaydi. Onasiga yordam beradi. Ayolning maqsadi kelajakda farzandini savodli qilish.
Navbahor Rustamova
— 2010 yil turmushga chiqqanman. Homiladorligimda qaynonam erimni pul topish uchun Qozog‘istonga ishlashga yubordi. Erim o‘sha yerda ishlab, qolib ketdi. Shundan so‘ng qaynonam ering endi kelmaydi, uni boshqa oilasi bor, deb meni uydan haydab yubordi. Farzandimni ota uyimda dunyoga keltirdim. Oradan 11 yil o‘tdi, erim biror martda kelib xabar olmadi. Men qaynonamning oldiga erim yuborgan pullardan farzandimni boqish uchun so‘ragani bordim. Ammo ular meni eshitishmadi ham. Uydan chiqarib yuborishdi. Ota-onam olamdan o‘tgach, meni ota uyimdan kichik ukam ham haydab soldi. Hozirda yashaydigan joyim yo‘q, mahallaga tegishli chiqindixonada istiqomat qilaman. O‘g‘lim hech qayerda o‘qimaydi. Uning epilepsiya kasalligi bor. O‘zim esa chiqindixonada yashab turli kasalliklar yuqtirib oldim. Tanamda to‘xtovsiz yaralar paydo bo‘ladi. Davolanay desam pulim yo‘q.
Kunlarning birida uy-joyi bor, yoshi katta bir erkakka ilojsizlikdan tushmushga chiqdim. Ammo u o‘g‘limga kun bermadi. Ichib uni rosa kaltaklardi.
Mahalla raisiga holatimni aytib, bir necha bor yordam so‘rab bordim. Ammo u menga o‘zingni o‘zing epla deb yordam ko‘rsatmadi. Yaxshiyam dunyoda mehribon insonlar bor. Ular bizga isitish moslamasi berishgan. Shu bilan har yili qishdan chiqamiz.
Maktab va hokimiyat binolarida ham yashab yurdik. Kim nima bersa o‘shani yedik, kiydik. Hokimiyatga mahalla raisini chaqirishdi. U meni olib ketib muammoyimni hal qilib berishini aytdi. Rais meni ukam haydab yuborgan uyga olib keldi. Oziq-ovqat mahsulotlari berib uyda qoldirdi. Ammo ukam ikki kun o‘tib, meni urib yana haydab yubordi.
Hozirgi kunda "baklashka" teruvchilar ko‘p. Ular orasida raqobat katta. Doim ham pulimiz bo‘lmaydi. Baʼzan arang nonga yetkazamiz.
Quyi chirchiq tumani “Abay” MFY raisi Elmurod Eskunbayev holatni quyigagicha izohladi:
— Bu ayolni yoniga uch-to‘rt marotaba oziq-ovqat mahsulotlari bilan borib, xabar oldik. Ishga joylashtirib beraman desam o‘zi hujjat yig‘ib berolmadi. Menga bir og‘iz aytmay, hokimiyatga borib yotib oldi. Kelsin, men uyimdan joy beraman. Ayni damda men uni ishga joylay olmayman. Ammo bugundan bo‘sh ish o‘rinlari topishga, shu bilan birga “Temir daftar”ga kiritishga harakat qilaman.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Qozog‘istonda yashasa ayni damda ayol voyaga yetmagan farzandi uchun undan aliment olishi mumkinmi? Ushbu savolga advokat Munavvar Toshmuxammedovadan javob oldik.
— Ayol eridan aliment undirishga 100 foiz haqli. Ariza bilan murojaat qilsa, 3 kunda aliment undirish bo‘yicha sud buyrug‘i chiqadi. Agar eri chet elda bo‘lsa ham Majburiy ijro byurosida uni qarzi yoziladi. O‘zbekistonga biror ish bilan kelsa, qaytib chiqib ketolmaydi. Unga taqiq qo‘yiladi. Qachonki qarzini to‘liq yopsa, shundagina yana qayta xorijga ketishi mumkin.
Ayol nozik hilkat sohibasi. U o‘zini o‘ylamasada, oilasi, jondan aziz farzandlari uchun hamma narsaga tayyor. Navbahor Rustamovaning ham asosiy maqsadi — o‘g‘lini savodli qilish, jamiyat uchun kerakli inson qilib tarbiyalash. Biroq savodni faqatgina o‘g‘li emas, balki o‘zi ham chiqarish kerak. Shu maqsadda biz ijodiy guruhimiz bilan mutasaddi rahbarlarga onasining bilim olishi uchun imkoniyat yaratib berishni so‘rab murojaat qildik. Ular jarayon nazoratga olinganini maʼlum qildi.
Муножат Валиева







