Ahmad Masʼud tarafdorlari Fransiya sobiq prezidenti bilan uchrashdi
Unda mamlakatdagi joriy vaziyat muhokama qilingan.

Afg‘oniston milliy qarshilik ko‘rsatish fronti Fransiya sobiq prezidenti Fransua Olland bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda “Sputnik Afganistan” xabar berdi.
Milliy qarshilik ko‘rsatish fronti tashqi aloqalar bo‘limi rahbari Ali Maysam Nazariyning maʼlum qilishicha, Olland bilan Afg‘onistondagi joriy vaziyat muhokama qilingan. O‘sib borayotgan terror xavfi ham markaziy mavzulardan biri bo‘lgan.
Olland Parij doimo afg‘onlarning demokratik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidlagan.
Maʼlumot o‘rnida: Afg‘oniston milliy qarshilik ko‘rsatish fronti Panjsher kuchlari yetakchisi Ahmad Masʼud va Afg‘onsiton sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih tomonidan “Tolibon” harakatiga qarshi kurash maqsadida tuzilgan.
Masʼudning Fransiyada pozitsiyasi ancha kuchli. 2021-yil Parijda uning otasi, taniqli qo‘mondon Ahmadshoh Masʼud sharafiga xotira burchagi ochildi. Fransiyada ko‘plab taniqli siyosatchilar va jamoat arboblari qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Olland 2012-2017 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan.
Avvalroq "Tolibon" delegatsiyasi Turkmanistonga jo‘nab ketgani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







