"Mahallabay" ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinmoqda
Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va Mahallabay ishlash boshlangani natijasida, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sganini qayd etdi.
Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.
“Mahallabay” ishlash tizimi orqali “temir daftar”dagi 583 ming ehtiyojmand oila doimiy daromad bilan taʼminlandi.
"2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qildik. Shu bois, bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar yili bo‘lishi kerak", dedi Prezident.
Shuningdek yig‘ilishda "Mahallabay" ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish ilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi.
Ushbu tizimga masʼul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berildi.
Endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim.
Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m).







