"Omicron” shtammi qayerda aniqlanadi?
Baʼzida kasallangan bemorlar o‘zlarini COVID-19 yoki “Omicron” shtammi bilan kasallanganini farqlay olmayapti.

Shu kunlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yana-da murakkab tus oldi. Xususan, COVID-19‘ning yangi “Omicron” shtammi qator mamlakatlarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu kasallikka chalingan bemorlar o‘zida koronavirusning ushbu turini bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun qayerga murojaat qilishi mumkin?
Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot rahbari Muhammadjon Bozorov bilan bog‘landik.
— Bemorlar o‘zida “Omicron” alomatlarini sezishsa yoki tekshirtirmoqchi bo‘lishsa Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishlari kerak.
U yerda bemorlardan PSRga tahlil olinadi. So‘ng shifoxonaning o‘zida tashkil etilgan klinik laboratoriyada tekshiriladi. Agarda bemor topshirgan PSR tahlili musbat chiqsa, unda qon tahlili maxsus konteynerlarga joylashtirilib, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyasiga yuboriladi. Sababi, “Omicron” shtammi faqatgina ushbu klinikada tekshiriladi. Agar bemor tahlilida “Omicron” shtammi aniqlansa, unda bemor maxsus tartibda davolanadi.
Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyasida faqatgina Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yuborilgan tahlillargina tekshiriladi.
Munojat Valiyeva







