Nukusda fuqaro uyida qizil kitobga kiritilgan 3 bosh jayron saqlanayotgani aniqlandi
Jayronlar Davlat ekologiya qo‘mitasining nazoratiga olindi.

Nukus shahrida fuqaro o‘z uyida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan sut emizuvchilar toifasiga kiruvchi 3 bosh jayronni saqlayotgani aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga maʼlum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan sut emizuvchilar toifasiga kiruvchi 3 bosh jayronni parvarish qilayotgan fuqaroga O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunidagi 38-moddada ko‘rsatilgan tartib tushuntirildi. Yaʼni yovvoyi hayvonlarni boshqa joylarga ko‘chirish, iqlimga moslashtirish va chatishtirish tadbirlarini o‘tkazishga davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida ilmiy va xo‘jalik maqsadlarida yo‘l qo‘yilishi hamda yovvoyi hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida boqish taqiqlangani maʼlum qilindi.
3 bosh jayron Davlat ekologiya qo‘mitasining Quyi Amudaryo davlat Biorezervatining “Nazarxan“ OFYda joylashgan volyerda vaqtincha saqlash uchun olib ketildi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda "Qizil kitob"ga kiritilgan jayron va quyonlarni ovlagan brakonyerlar Ekologiya qo‘mitasining inspektorlaridan qochib ketgani hamda ovchilar tomonidan "Qizil kitob"ga kiritilgan jayron otib o‘ldirilgan haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







