Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo’ydi
Bugun O’zbekistonning Birinchi Prezidenti tavallud topganiga 84 yil to’ldi.

Bugun, 30-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, O’zbekistonning Birinchi Prezidenti haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgan birinchi kundan Islom Karimovning ezgu ishlari davom ettirilishini aytgan edi, uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi, maqbarasi barpo etildi. Birinchi Prezident tavallud topgan 30-yanvar kunini nishonlash an’anaga aylandi.
"Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni qancha e’zozlasak, xalqimizga, yoshlarimizga ma’naviyat yetkazgan bo‘lamiz", degan edi davlat rahbari.
Tadbirda Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Islom Karimovning xalqimiz manfaati yo‘lida qilgan ishlari, mardlik, odillik, kamtarinlik hislatlari yodga olindi.
Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.
Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.








