2-fevral kuni Toshkentning uchta tumanida gaz bo‘lmaydi
“Hududgaz Poytaxt” yetkazilayotgan noqulaylik uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.

Ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli Toshkent shahrining uchta tumani – Uchtepa, Yangihayot va Sergelining ayrim hududlarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Uchtepaning “Algoritm” mavzesidagi 50 ta aholi xonadonlarida va 1 ta ulgurji iste’molchisida soat 11.00 dan 16.00 gacha gaz ta’minoti uziladi.
Yangihayotning Uzar ko‘chasidagi 45 ta ko‘p qavatli uyda va 4 ta ulgurji iste’molchida soat 11.00 dan 17.00 gacha tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Sergeli tumanining “Daryo bo‘yi” mahallasidagi 1199 ta xonadonda hamda 115 ta ulgurji iste’molchilarda soat 11.00 dan 17.00 gacha gaz ta’minoti vaqtincha bo‘lmaydi.
“Hududgaz Poytaxt” GTF ning ma’lum qilishicha, shu kuni yuqoridagi hududlarda gaz quvurlarini ulash va gaz sizib chiqish holatlarini bartaraf etish ishlari olib boriladi.








