Prezident ekologik masalalar yuzasidan videoselektor o‘tkazdi
1-martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanadi. Shuningdek, barcha tuman va shaharlarni qamrab oladigan “mobil eko patrullar” faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi

Bugun, 2-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilish avvalida davlat rahbari jamoatchilikka murojaat qilib, dunyo miqyosida ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotganini, bu borada eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish ekanlgini alohida ta’kidladi va yosh avlodni ona tabiatga daxldorlik hissida tarbiyalash kerakligini aytib o‘tgan.
Yig‘ilish davomida ekologik masalalar muhokama qilinib, kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Jumladan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va viloyat hokimlariga chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, resursini o‘tab bo‘lganlarini ko‘mish vazifasi topshirildi.
Maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish uchun import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yil muddatga ozod etiladigan bo‘ldi. Saralash va qayta ishlash texnikalari xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi. Bu ishlar uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘lari hisobidan 5 yil muddatga bosqichma-bosqich 500 mlrd so‘m kredit ajratiladi.
Shuningdek, Qayta ishlash quvvati bor klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilandi. Buning evaziga ularga o‘z hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qo‘yildi.
Tuman va shaharlarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday korxonalar tashkil etish, hududlar uchun 500 ta maxsus transport olib kelish, ijtimoiy muassasalar va bozorlarga qo‘shimcha konteynerlar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi “Maxsustrans” korxonasi transformasiya qilinib, uning negizida davlat-xususiy sheriklik korxonasi tashkil etiladi. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, maishiy chiqindilarga to‘lov undirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
1-martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi e’lon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llar chetida ixota daraxtzorlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.








