Tanasiga armatura bo‘lagi kirib ketgan 17 yoshli yigitning hayoti saqlab qolindi
Ushbu murakkab operatsiya 5 soatdan ortiq davom etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tanasiga armatura bo‘lagi kirib ketgan 17 yoshli yigitning operasiya qilinish jarayoni aks etgan videolavha tarqaldi. Bu bo‘yicha SSV qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Xabar qilinishicha, 2005-yilda tug‘ilgan R. S ismli fuqaro 20-dekabr kuni qurilish jarayonida 2-qavatdan yiqilib tushgan va tanasiga diametri 15 mm.lik ikkita armatura bo‘lagi kirib ketgan. Shundan so‘ng u zudlik bilan "Tez yordam" mashinasida shifoxonaga olib kelingan.
Tibbiyot markazida bemorning bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel-umurtqa sohalari, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari MSKT hamda ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, metall parchasi bemor ko‘krak qafasining o‘ng orqa yuzasi, 7- va 9-qovurg‘alari orasidan kirib, 6-ko‘krak umurtqasini teshib o‘tgan va orqa miya ezilishiga sabab bo‘lgan. So‘ngra o‘ng o‘mrovosti arteriyasi tagidan o‘tib, bosh suyagi miya asosining o‘rta chuqurchasini teshib kirgan.
Shu kuni markazning 10 dan ortiq eng malakali mutaxassislari tomonidan 5 soatdan otiq vaqt davomida murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilgan va bemorning hayoti saqlab qolingan.








