So‘nggi besh yilda ilk bor 6,5 mln aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi – Shavkat Mirziyoyev
Ayni paytda Prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish boshlanadi.
Yig‘ilish avvalida davlat rahbari so‘nggi besh yil ichida aholi suv ta’minotini yaxshilash borasida oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p, ya’ni 10 trln so‘m pul mablag‘lari ajratilganini hamda ilk bor 6,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, 2021 yilda 6300 kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgani, 474 ta suv inshootlari qurilgani, 592 ta mahallada 2,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilangani ta’kidlandi.
"Eng muhimi, bu ishlar hisobiga 1,5 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, hali sohada yechimini kutayotgan muammolar ko‘p", dedi Prezident.
Misol uchun, 4 mingta mahallada ichimlik suvi sutkasiga 4-6 soat beriladi. 1,5 mingdan ortiq mahallada markazlashgan ta’minot yo‘lga qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, 2 mingga yaqin bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari markaziy tarmoqqa ulanmagani bois, suvni tashib kelishga majbur bo‘lmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzaxda ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam.








