Eski shahar hududida 2 ta art-rezidensiya yaratiladi
Loyiha Alisher Usmanovning “Sanʼat, ilm va sport” xayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshiriladi.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahrining tarixiy mahallalarini, ularning noyobligi va madaniy-tarixiy merosini asrab-avaylash bo‘yicha o‘z ishlarini davom ettirmoqda hamda Eski shahar hududida art-rezidensiyalar yaratish tashabbusini ilgari surmoqda.
Loyiha dizayn-konsepsiyasi jahon talablarini inobatga olgan holda Marokashdagi “Studio ko” meʼmorchilik byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Yurtimiz va chet elliklar uchun ijodiy maskanni tashkil etish bo‘yicha poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan ikkita obyekt tanlab olindi.
Birinchi obyekt “Namuna” mahallasida joylashgan, anʼanaviy meʼmoriy ko‘rinishi saqlab qolingan hamda qayta taʼmirlangan “Matkarimboy” madrasasi bo‘lib, ushbu manzil ijodiy maydon yaratish uchun xizmat qiladi.
Ikkinchi obyekt esa eski bolalar bog‘chasi — “Xasti Imom” mahallasida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasi qayta tiklanishi haqida xabar berilgandi.







