O‘qituvchini xafa qilishga hech kimning haqqi yo‘q – Baxtiyor Saidov
Xalq ta’limi vaziri ota-onalardan uzr so‘rashga majburlangan o‘qituvchilar bilan uchrashdi.

Baxtiyor Saidov Marhamat tumanida ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilingan o‘qituvchilar bilan uchrashish maqsadida Andijon viloyatiga bordi.
Xabar qilishicha, vazir o‘qituvchilar bilan suhbatda ularning ruhiyatini ko‘targan. O‘qituvchilarning obro‘si va qadr-qimmati Davlat siyosati darajasidagi muhim masala ekanligi va ularni obro‘sizlantirishga hech kim haqli emasligini qayd etib, yuz bergan holatni ustoz sha’nini yerga urish deb baholagan:
— Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilarni ulug‘lash masalasini Davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqib, o‘qituvchi jamiyatimizning eng hurmatli insoni bo‘lishi ekanligini doimiy ravishda ta’kidlab kelmoqda. Shunday ekan, o‘qituvchini хafa qilishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘qituvchi qadrlanmagan yurtning ertasi bo‘lmaydi. Shunday ekan, bugun har birimiz, hattoki o‘qituvchilarning o‘zi ham sha’ni va obro‘sini oshirish uchun harakat qilishi zarur, — dedi Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar bilan uchrashuv chog‘ida.
Uchrashuv so‘nggida o‘qituvchilarning fikrlarini tinglagan vazir ular bilan maslahatlashgan holda mazkur holatga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga albatta chora ko‘rilishi alohida qayd etdi.








