Prezident maktabi o‘quvchilari uchun yil davomida faoliyat yuritadigan oromgoh tashkil etiladi
U yerda iqtidorli bolalar dam oladi va o‘qitiladi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9-fevralida “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan “O‘zmetkombinat” AJning Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazilgan. Kelgusi 10 yil davomida oromgohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi. “Yoshlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi negizida “Renessans” sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi.
Quyidagilar oromgoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bolalarni sog‘lomlashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
– yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish;
– yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, tashabbuslar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash;
– imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
– iqtidorli yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish.








