Import avtomobillar uchun bojxona to‘lovi 2 barobarga pasaytiriladi
Prezident mashinasozlik sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda avtomobil ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga, eksport hajmini 2 baravarga ko‘paytirish uchun joriy yilda amalga oshiriladigan vazifalar muhokama qilindi.
Ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.
Bozordagi taklifni oshirib, fuqarolarga tanlash imkoniyatini yaratish maqsadida import avtomobillar uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga pasaytirish bo‘yicha hukumatga topshiriq berildi.
Shuningdek, Davlat rahbari mashinasozlik tarmog‘ini sanoat klasteri usulida rivojlantirish lozimligini ta’kidladi. Bu tizim “injiniring – butlovchi qismlar – tayyor mahsulot – savdo va servis” zanjirini qamrab oladi. 8 ta mashinasozlik korxonasi, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 300 dan ziyod korxona, logistika, ichki va tashqi bozorlardagi savdo va servis tarmog‘i, Turin politexnika va Andijon mashinasozlik institutlarini umumiy maqsad yo‘lida birlashtiradi.
Shundan kelib chiqib, hukumatga “milliy mashinasozlik klasteri” dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.








