Buxoroda 62 yoshli ota farzandiga o‘z buyragini berdi
Ushbu murakkab operatsiya 8 soat davom etgan.

14-fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi.
Sakkiz soat davom etgan murakkab operatsiya natijasida kogonlik 31 yoshli S.Safarovga 62 yoshli otasi X. Safarovning ishlab turgan bir buyragi ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirda har ikki bemorning ham ahvoli yaxshi.
Ta’kidlanishicha, 31 yoshli ushbu bemor bir necha yil gemodializ muolajasi yordamida davolanib kelgan. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
Hozir bemor transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida bo‘lib, uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, unga donorlik qilgan otasi X.Safarovning salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti.








