O'zbekiston

Talabaning “yuki” barchaga ortiqchami?

Talabalarning “tred”dagi muammosi haqida.

Talabaning “yuki” barchaga ortiqchami?

 

Universitetga kirish asli qiyin ish. Mablag‘ sarflab, tayyorlanib endigina og‘iz ta’lim muassasi noniga tekkanda, viloyatdan kelgan talabalarni kvartira muammosi qiynaydi. 

 


O‘zim asli poytaxtdan bo‘lganim bois ijara muammosini unchalik ham his etmayman. Ammo bu muammo men uchun butunlay yot ham deyolmayman. Chunki esimni tanibmanki uyimizda ijarachi talabalar turgan. So‘nggi bor 2017-yilda 4 ta talabani ijaraga qo‘ydik. Bir necha kundan keyin oyimni avval qo‘shnilar, keyin esa “uchaskavoy”lar so‘rab kelishni boshladi. Muammo — talabalarning kechqurun dars qilish maqsadida olib kelayotgan do‘stlarining shovqini. Shundan keyin eshigimizni taqillatib keladigan talabalar soni kamaydi. Kelganlari ham umidsiz qaytib ketishadi. 

 


Talablarning kvartira topish masalasi har doim qiyin va dolzarbligiga guvoh bo‘laman. Ba’zan qishning izillammasida bekatda yotib qolgan tanishlarim ham bo‘lgan. Odamning yashashga muqim joyi bo‘lmasa, unga qolgan narsa tatirmidi.

 


Xolamning qizi ham shaharda o‘qiydi. Har yili o‘qish boshlanishidan avval xolamning “dardi qo‘ziydi”: “Opa, bir hafta qizim siznikida turib tursin, keyin kvartira topib chiqadi”... Talabalar oqimi ko‘paygan vaqtda kvartira topish qiyin. Xolamning bir haftasi bir necha haftaga uzayadi. Qiz bola boshi bilan katta shaharda uy izlab sarson bo‘lmasin, deb o‘zimiz hamroh bo‘lardik. “Tilab-tilab” topilgan kvartira egasiga ham ishonch yo‘q. Sababi uni istalgan vaqtda fikri o‘zgarishi mumkin.

 

 

“Negadir hech qayerga sig‘mayman”


Yaqin kursdoshim bor. U 3 yilda 9 marta kvartira almashtirdi. Ko‘cha-ko‘chlardan zoda bo‘lgan do‘stimning bir umr yodidan chiqmaydigan xotiralari bor.

 


“2019-yil sentyabr oyining ilk kunlari. O‘qishga kirganman. Poytaxtga keldim. 1-kun emasmi, har yerga sinchiklab qarab, yo‘l xaritalarini xayolda chizganman. Doimiy yashash joyini aniq qilguncha viloyatlik do‘stimning ammasi uyidan joy bergan (bu yerda mening tanishlarim yo‘q edi). Bir kunda chiqib ketganman. Vaziyat shuni taqozo qilgandi o‘shanda. Keyin bir hafta qishloqdoshimning uyida turdim. Mehmonning ham izzati uch kungacha deganlaridek, bu yerdagi sarguzashtlarim ham uch kunda nihoyasiga yetdi. Ayni ovqat mahali: “Nima bo‘ldi? Joy topdingmi?...” kabi savollar meni gangitib qo‘yardi. 

 


Shundan so‘ng boshqa bir qishloqdoshimning uyiga bordim. U yerda ham 3 kun turgach, oliygohdagilar biz uchun uzoqroqdan bo‘lsa ham yotoqxona topganini aytishdi. Xursand bo‘lib, 17-sentyabrda u yerga ko‘chib o‘tdim. Nogironligi bor o‘quvchilarga mo‘ljallangan, hozirda bo‘sh turgan binolarda ovqat qilish mumkin emasligi uqtirildi. Biz, tabiiyki, rozi bo‘lmadik. Yashirib yegulik tayyorlab yurdik. Bir oy o‘tib, universitet va biz turgan joy rahbariyati kelisha olmagani uchun bu yerdan ham quvildik. 

 


Yana sargardonlik. Lekin poytaxtda yashayotganimga 3 oy bo‘lib qolgandi. Oz-moz yo‘l-yo‘riqni bilib qolgandim. Uy qidirdik. 6 kishi bir uy topib, o‘sha yerga bordik. Ammo 1 xonali uyda 6 kishi turolmadik. U yerda ham bir oycha yashadik. Keyin do‘stimning dadasi kelib, bizga “xozyaykali” uy topib berdi. Sharoitlar yaxshi edi. Biz u vaqtda ishlamasdik. Kelishuvga ko‘ra, uy egasi bizga taom tayyorlardi. Bozorlikning bir qismi esa bizning gardanimizda edi. Ammo bizda moddiy qiyinchilik bo‘lgani bois har doim ham puxta bozorlik qilolmasdik. Ochig‘ini aytaman, go‘sht juda kam yerdik. Uy egasi bilan chiqqan nizo ham go‘shtga borib taqalgan. Avval har kuni tansiq taomlar qilingan uyda bora-bora uch-to‘rt kunda bir ovqat qilinadigan bo‘ldi. Ishlamaydigan talabaga har kunlik ro‘zg‘or albatta og‘irlik qilardi. Shuning uchun ko‘chish dardi yana boshimizga tushdi. 

 


Orada karantin sabab uyga qaytdik. Ammo (orada ishga kirgandik) ishimiz borligi uchun shahar yana bag‘riga chorladi. Yana bir necha bor uy almashtirdik. Birining sharoiti, birining narxi to‘g‘ri kelmasdi.  Shundan so‘ng omad kuldi, shekilli, yaxshi joydan ijaraga uy topdik, biroz qimmatroq bo‘lsa ham. Ijara haqini to‘lash vaqti kelganda hammamiz pul qidirib qolamiz. Bu oy ham to‘lov muddatidan 10 kunga kech qoldik. Chunki oylik hali tushgani yo‘q. 

 

 

“Har narsaga tayyor turish kerak”

 

Yana bir kursdoshim ham 3 yillik ijara qidirish tajribasiga ega. Toshkentning tosh bag‘ri uni ilk kelgan kezidayoq o‘ziga tortgan — joy topolmay, ko‘chada qolib ketgan. 

 


“Toshkentga 2019-yilda kelganman. Rejam bo‘yicha amakimnikida turishim kerak edi. Lekin uyining xonasi ham farzandlari soni bilan teng: 2 ta. Uchinchisi o‘z-o‘zidan ortiqcha. Kelinoyim bilan kelishmovchiliklar keyinchalik mojarolarga aylanib ketdi. Menga tezroq chiqib ketish talabi qo‘yildi. O‘sha kuni uy topdim, deb chiqib kettim. Lekin uy bozorida narxlar osmon edi. Uyga kirish uchun oylik to‘lovning yarimini ham to‘lash kerak. Aksiga olib, o‘qishimizda talabalar turar joyi ham yo‘q. Biroq u vaqtda hech qayerdan mablag‘ kelmasdi va uydagilarga ham ayta olmasdim. Shu sabab sumkamdagi 4 ta kiyimim bilan kunni o‘qishda, tunni bekatda o‘tkazgan vaqtim ham bo‘lgan. Shundan so‘ng yana deyarli 6 ta uyda turdim”.

 

“Otning o‘limi itning bayrami”

 

Talabaga ijara azobining o‘zi yetmaganidek, hozir buni o‘ziga kasb qilib olib ularning “terisini shilayotganlar” ham bor. Diyora ham “tushib qolganlardan”.

 


“Yanvar oyida ta’til e’lon qilingan bo‘lsa-da, qo‘shimcha darslarimiz sabab dugonam bilan shaharda qoldik. Oy oxirida uy egasi narxni oshirmoqchi ekanligini aytdi. Bu esa bizga ma’qul kelmadi, albatta. Boshqa joy topish uchun 3 kun uy bozorining biz kirmagan burchagi qolmadi. Lekin uylar juda qimmat. Faqat oilali bo‘lsangiz, degan talabi joningizdaan to‘ydiradi. So‘nggi najot — OLX. Uy egasi bugun kechqurun chiqib ketinglar, deb turgan vaqtda bir joy topdik. Boshlang‘ich to‘lovga 1 million o‘tkazib, kechqurun ko‘chib o‘tishimiz mumkinligini aytdi. Uy egasi tezroq chiqinglar, deyavergani uchun yangi joyni ko‘zimizga surtkudek edik. Pulni o‘tkazganimizdan so‘ng u odamni izini ham topolmadik. Firibgar bizni 1 millionga chuv tushirdi. Hozir IIB ga murojaat qilganmiz. Lekin u odamni topish mumkinligiga o‘zimiz ham ishonmaymiz”.

 


Xulosa o‘rnida

 


Talabalar yig‘ilgan guruhlarda “Hech kimni kvartirasida joy yo‘qmi?”, “2 ta qizga joy kerak”, “Kvartiraga qo‘yadigan tanish yo‘qmi?” degan gaplar “pin”da turadi. 1-kursda mablag‘ni uydan oladiganlarning 3-4 kursga kelib bunga “beti chidamay” qoladi. Hamma o‘zini ishga urgan. Kontrakt va ijara haqini to‘lash — muammoli devor. Undan sabr ila oshmoq kerak. To‘satdan o‘qish boshlangan bo‘lsa-da, o‘quv xonalari talabalar bilan to‘lmagan. Ayrimlar Toshkentdagi tanishlarini ishga solib, joy izlash bilan ovvora. Ko‘pchilikning omadsizligi esa uzoq cho‘ziladi. Chunki shaharda yashashning yuki og‘ir. Buni esa hamma talabining yelkasi ham ko‘taravermaydi.

 

Muallif: Dilbar Primova

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi

«Centrum Air» yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagaji Istanbulda qoldirib ketildi.

Talabaning “yuki” barchaga ortiqchami? | Zamon.uz